230206, Qoraqalpog’iston Respublikasi, Beruniy tumani,
“Oltinsoy” Qishloq Fuqarolar yig’ini (QFY).
Quyi Amudaryo Davlat Biosfera rezervati

+ (998 97) 220-95-20

+ (998 61) 601-38-46

Tarixi

Paydo bo’lishi va va hayoti Amudaryoning faoliyati bilan uzviy bog’liq bo’lgan to’qay o’rmoni qirg’oqbo’yi o’rmonining alohida turi hisoblanadi. Turli davrlarda Amudaryoni Oksus, Jayhun, O’kuz, Balx, Vaxsh, Amul deb ataganlar.  Har yilgi suv toshqinlari to’qay o’simliklari qalin o’sgan keng hududlarni sug’organ. Amudaryoning quyi qismlarida to’qay o’rmonlarini o’zlashtirish tarixi qadim o’tmishga borib taqaladi va bu hududlarni inson tomonidan o’zlashtirilish tarixi bilan chambarchas bog’liqdir. Eramizdan avvalgi IV-III ming yilliklarda insonlar asosan ko’llar yaqinida, to’qaydan uncha uzoq bo’lmagan joylarda yashaganlar. Ular boshpana qurish va yoqilg’i sifatida ishlatish uchun to’qay o’rmonlaridan faol foydalanganlar. Ko’chmanchi aholini o’troq turmush tarziga o’tishi bilan insonlar sekin asta uy hayvonlarini ko’paytirish bilan shug’ullana boshlaganlar. Amudaryo vodiysining boy daraxtsimon, butasimon va o’tsimon o’simliklari mol boqish uchun qulay sharoit yaratar edi. Shuning uchun ibtidoiy chorvachilar daryo vodiylariga-to’qay va qamishzorlarga ko’chib o’tishgan. Chorvachilik xo’jalikning asosi bo’lgan. Ammo uncha ko’p bo’lmagan mahalliy aholining tabiatdan foydalanishi va hayot tarzi qanday bo’lishidan qat’iy nazar, to’qay ekotizimlarini o’rganish boshlangunicha ular hali kuchli o’zgartirilmagan edi.

Toqayzorning ko’rinishi

1960-yillar boshidan Amudaryoning quyi oqimiga suvning kelishi kamaydi.  Natijada to’qay o’rmonlari sekin-asta, lekin to’xtovsiz qisqara boshladi. Tabiiy omillar va inson xo’jalik faoliyatining ta’siri natijasida oxirgi bir necha o’n yillliklar davomida to’qay o’rmonlari hududi 10 martadan ortiq qisqardi! Shuning uchun tabiiy to’qay massivlari va uning hayvonot dunyosini saqlab qolish uchun 1971 yili Qoraqalpog’istonning Beruniy tumani hududida “Baday-To’qay” Davlat qo’riqxonasi tashkil qilingan. Qo’riqlanadigan zonani tashkil qilish tufayli Baday to’qay Amudaryo etaklaridagi faqat nomlari qolgan ko’plab to’qay massivlari qismatidan halos bo’ldi. “Baday-To’qay” qo’riqxonasi buxoro bug’usi -xongulning jahondagi eng katta populyatsiyasini saqlovchisi sifatida katta rol o’ynadi. Tez-tez qaytarilib turadigan qurg’oqchil yillar to’qay o’rmonlari maydonining qisqarishiga olib keldi. Bug’ularning shakllangan podasi uchun qo’riqxonaning to’qay o’rmonlari maydoni torlik qilib qoldi. Hayvonlar qo’riqxonadan tashqari hududlarga tarqala boshladilar va brakonyerlar uchun oson o’ljaga aylandilar. Qayta tashkil etilgan Quyi Amudaryo davlat biosfera reservatiga ushbu muammoni hal qilish yuklangan. Biosfera rezervatining asosiy maqsadi to’qay o’rmonlari resurlarini muhofaza qilish, qayta tiklash, barqaror foydalanish hamda ilmiy tadqiqotlar va monitoringni olib borish, mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, madaniy qadriyatlarni asrashni ta’minlash hisoblanadi.

Toqayzor yoz mavsumida
Copyright: Еlena Kan