Guruhlar uchun ekskursiyalar
230206, Qoraqalpog’iston Respublikasi, Beruniy tumani,
“Oltinsoy” Qishloq Fuqarolar yig’ini (QFY).
Quyi Amudaryo Davlat Biosfera rezervati
Foto: BMZ Tugai project
Foto: Christoph Nowicki
Biosfera rezervati hududida daraxtsimon, butali va o’tloqli to’qaylar o’sadi. Asosiy o’rmon hosil qiluvchi tur terak yoki turang’i hisoblanadi. Uning 2 turi (Populus diversifolia va Populus pruinosa) mavjud va o’sadigan areallari O’rta va Markaziy Osiyo hududidan tashqariga chiqmaydi. Turang’i daraxtzorlarda har yerda tarqalgan, jiyda, yulg'un va tol kamroq uchraydi. To’qaylarning katta qismida chirmoviqlar: sharq ilonpechagi, sibir sianxumi, dala chirmoviqi, fors sarsabili bilan changalzorlar hosil qilgan. Namlangan joylarda oddiy qamish, qizilmiya, dag’al kendir, qadimgi uchlamchi davr relikt turlari - eriantus, veynik, imperata uchraydi. Sho’rxok yerlarda yulg'un, qarabaroq, sho’rxok ajrig’i, turkman svedasi, yantoq o’sadi.
Amudaryo etaklari tabiiy sharoitlarining o’ziga xosligi bu yerdagi daraxt va butalarning ekologik o’ziga xosligini belgilab berdi. Misol uchun, ariy teragi, ko’kimtir bargli terak va karabarakdan tashqari butlarning hamma turlari novdadan va ildizdan o’sib chiqib, ko’payadi. Bu Amudaryo suvi sathining keskin pasayishi va toshishlari hamda to’qayzorlarni loyqa bosishi natijasida yuzaga kelgan. Suv toshqinlaridan keyin daryo suvining keskin kamayishi va sizot suvlari sathining pasayishi hamda tuproqning tezlik bilan qurishi yuz bergan. Bu almashib turadigan yuqori namlanish va qurg’oqchilik sharoitlari to’qay daraxtlari va butalarda kseromorfizm xususiyatini keltirib chiqardi. Turang’i relikt o’simlik va ko’p jihatidan noyob. U keskin qurg’ochilik sharoitlarida va hatto kuchli sho’rlangan tuproqlarda o’sadigan haqiqiy cho’l o’simligidir. Turang’i ildizlari nafaqat chuqurgacha tushadi, balki tanasidan har tomonga 50 metrgacha tarqaladi. Bu ildizlarda vegetativ novdalar paydo bo’ladi va ulardan yangi daraxtlar unib chiqadi. Shunday qilib, bitta daraxtdan butun boshli daraxtzor o’sib chiqishi mumkin!
To’qayning ko’pchilik daraxt va butalari uchun tuzga yuqori chidamlilik, urug’lar tarqalishini toshqin suvlari sathining pasayishi bilan bog’liqligi, tol va terak urug’larini yangi loy-botqoq yotqiziqlarida favqulodda tez unib chiqishi xarakterlidir. To’qayda qimmatli o’simliklar, shu jumladan dorivorlari ham bor. Ularga oddiy garmala, sibir sianxumi, dag’al kendir, sharq jiydasi, katta va lantsetsimon bargizub, qizilmiya kiradi.
Foto: Umida Abdurazakova
Oxirgi yillarda Amudaryo gidrologik rejimining o’zgarishi qo’riqlanadigan o’rmonlarning degradatsiyasiga olib keldi. 1970-yillar o’rtalarida u yerda 167 tur yuksak o’simliklar qayd qilingan edi. To’qaylarni 1985-1996-yillarda o’rganilganda faqatgina 61 tur yuksak o’simlik aniqlangan.