230206, Qoraqalpog’iston Respublikasi, Beruniy tumani,
“Oltinsoy” Qishloq Fuqarolar yig’ini (QFY).
Quyi Amudaryo Davlat Biosfera rezervati

+ (998 97) 220-95-20

+ (998 61) 601-38-46

Faunasi

Biosfera rezervatining hayvonot dunyosi Amudaryo etaklari to‘qay o‘rmonlarining tipik faunasini namoyon etadi.

Hasharotlar va boshqa umurtqasizlari. Umurtaqasizlar faunasi hozirgacha o‘rganilmagan. Umurtqasizlar turlar xilma-xilligi bo‘yicha umurtqali  hayvonlardan ancha ustun hisoblanadi. Ushbu holat biolog-olimlar va tabiiy fanlar sohasidagi boshqa mutaxassislarni qiziqtirishi mumkin.

Baliqlari. Biosfera rezervati hududida uni yuvib turuvchi Amudaryo va uning irmog‘i Ko‘kdaryo suvlarida сh‘ortansifat oqqayroq, oddiy oqqayroq, orol so‘zanbalig‘i, laqqa, tarasha baliq, nayzaqanot, oq amur, do‘ngpeshona va boshqa ayrim turlar yashaydi. Amudaryoning tez oqar joylaridagi qumli tillarda katta va kichik amudaryo kurakburunlari yashaydi. Bu ikkala tur O‘zbekistonning Qizil Kitobi (2009) va Xalqaro Qizil Kitobga “butunlay yo‘qolib ketish arafasida” maqomi bilan kiritilgan.

Sudralib yuruvchilar hamda suv va quruqlikda yashovchilari. Biosfera rezervatida suv va quruqlikda yashaydigan hayvonlar faunasi ancha kambag‘al. Bu yerda yashil qurbaqa va ko‘l baqasi yashaydi. To‘qayning chekka qismlarida dasht toshbaqasi va dasht agamasi eng ko‘p uchraydi. To‘qay changalzorlarida to‘kilgan barglar orasida cho‘l taqirko‘zlisining uchrashi odatiy holdir. Taqirko‘zli, to‘kilgan barglar, shox-shabbalarda o‘rmalab, shitirlagan ovoz chiqaradi va borligini bildiradi. U nisbatan tez harakatlanadi va ta’qib qilinganda shox-shabblar orasiga kirib ketadi. Qosh qorayishi bilan paxsa uylar vayronalarida ovga chiqayotgan Kaspiy gekkonini ko‘rish mumkin. Chaqqon, yo‘l-yo‘l kaltakesakcha ham biosfera rezervatining o‘ziga xos hayvonlari sirasiga kiradi. Ilonlar kaltakesaklarga nisbatan kamroq uchraydi. Ko‘kdaryo irmog‘ida  palaxsalar va daraxt ildizlari orasida suv iloni uchraydi. Majnuntol shoxlari hosil qilgan changalzorlarda o‘qilonni uchratish  mumkin. Naqshli chipor ilon to‘qay o‘t o‘simliklari orasida yashaydi. Ikki boshqa chipor ilonlar- ko‘ndalang yo‘l-yo‘lli va tangatumshuqlisi o‘rta asrga mansub Janpiq-Qal’a devorlari xarobalarida uchraydi.

Copyright: Ernest Kurtveliev

Qushlari

Copyright Maria Gritsina

Copyright Maria Gritsina

Qushlar biosfera rezervatidagi eng ko‘p sonli umurtqali hayvonlar guruhi hisoblanadi. Bu yerda qushlarning in qurishi uchun tabiat tomonidan daraxtlar, butalar, o‘tsimon o‘simliklar, Amudaryoning tik qirg‘oqlari va sayozliklari kabi  beqiyos va rang-barang yashash go‘shalari mavjuddir.  Mavsumiy uchib o‘tadigan qushlar uchun to‘qay chakalakzorlari dam olish va oziqlanish joyi hisoblanadi. Bu yerda uchraydigan qushlarning 15 turi O‘zbekistonning Qizil kitobiga kiritilgan. Qo‘riqxonada yashash xarakteriga ko‘ra ularning orasida uyalaydigan qushlar ajratiladi. O‘ziga xos vakillari - xaqqush, qizil o‘rdak, yovvoyi o‘rdak, tosh qirg‘iy, yilqichi, suvtorg‘oq, katta qiziloyoq, daryo va kichik chigirtchisi, xavo rang ko‘ktorg‘oq, tilla rang va yashil kurkunaklar, ko‘k qarg‘a, sassiq popishak, qora uzunqanot, qirg‘oq qaldirg‘ochi, hind zarg‘aldog‘i, qoraboshli inuya, qishloq qaldirg‘ochi, O‘rta Osiyo bulbuli, katta va janubiy kurgalaklari va boshqalar hisoblanadi. O‘troqlariga - Xiva qirg‘ovuli, ko‘k kaptar, kichik g‘urrak, boyo‘g‘li, quloqdor yapaloqqush, oqqanot qizilishton, zag‘izg‘on, buxoro chittagi, oddiy mayna, dala chumchug‘i va boshqalar kiradi. Qishlaydiganlari - 18 tur, uchib o‘tadiganlari - 18 turni tashkil etadi.

Copyright: Ernest Kurtveliev

Copyright: Maria Gritsina

Qishda bu yerda shimoliy hududlardan kelib, uchib o‘tadigan qushlardan  turumtoy,  qarchig‘ay,  oddiy sor, qora va shoxli to‘rg‘aylar, ryabina shaqshag‘i, oq qoshli shaqshag‘i, qorabo‘qoq sviristel, oddiy sviristel, uzun dumli chittak, boltatumshuq va boshqalarni uchratish mumkindir.

Og‘ir qish davrida ba’zan Sulton uvays tog‘ tizmasidan qoldiq tog‘larning o‘ziga xos vakili bo‘lgan kaklik uchib kelib qoladi.

Biosfera rezervatining go‘zali so‘zsiz Xiva qirg‘ovuli hisoblanadi. Qirg‘ovul o‘troq hayot kechiradi va keng uchraydi. Qishda qirg‘ovullar jiyda chakalakzorlarida, bahor, yoz va kuzda to‘qaylarda to‘planadi.  Martning oxiri va aprelning boshlarida uyalashga o‘tadi.

Copyright: Maria Gritsina

Sut emizuvchilari.  Hasharotxo‘rlar orasidan bu yerda katta quloq tipratikan, ola yerqazir uchraydi. Qo‘lqanotlilardan - mo‘ylovdor  tunshapalak, mitti netopir, ikki hil rangli kojan,  quyonsimonlardan - tolay-quyoni uchraydi. Kemiruvchilar orasida plastinka tishli kalamush, uy sichqoni, qumsichqoni xarakterlidir. O‘tish qiyin bo‘lgan to‘qaylarda yashirin yashaydigan yirtqichlardan chiyabo‘ri va hayoti daraxt-buta o‘simliklari orasidai o‘tadigan bo‘rsiqlar ko‘p uchraydi. Biosfera rezervatining qirg‘oqbo‘yi to‘qaylarida qamish mushugi va cho‘l mushuklarini uchratish mumkin.

Biosfera rezervati  tuyoqlilarini ikki tur - to‘ng‘iz  va  buxoro  bug‘usi tashkil qiladi. To‘ng‘izlar faqatgina to‘qaylarda yashaydilar, asosan qo‘g‘a va qamish ildizlari, kuzda jiydaning mevalari bilan oziqlanadilar. Biosfera rezervatining iftixori o‘tmishda Amudaryo, Sirdaryo va Zarafshon daryolari vodiylarida keng tarqalgan, asl bug‘uning endemik kenja turi - buxoro  bug‘usi hisoblanadi. Vaxshiylarcha qirib tashlanishi oqibatida Buxoro bug‘usining populyatsiyasiga putur yetgan va 1970-yillar boshiga kelib yovvoyi tabiatda bug‘ular deyarli yo‘qolib ketdi. “Baday-To‘qay” qo‘riqxonasida bug‘uni qayta moslashtirish (reakklimatizatsiya) O‘zbekistonda yo‘qolib borayotgan hayvonlarni tabiatga qaytarish bo‘yicha qo‘yilgan birinchi qadamlardan bo‘ldi. 976 yilning may oyida “Baday -To‘qay” qo‘riqxonasining  birinchi direktori, marhum V.P. Lim buxoro bug‘usini qayta moslashtirish ishlarini boshlagan. “Ramit” (Tojikiston) qo‘riqxonasidan dastlab uchta, keyinchalik 9ta bug‘u keltirilgan. Hamma bug‘ular sharoitlarga moslashgan va nasl bergan. 1981-1982 yillarda bug‘ularni volyerlardan tabiat hududiga chiqarib yuborildi. 2010 yilga kelib buxoro bug‘ulari soni 612 taga yetgan. Bug‘ular mustaqil ravishda Talliq-to‘qay, Sherimbet-to‘qay va boshqa qo‘shni to‘qay o‘rmonlariga tarqala  boshlagan. Undan tashqari, hozirda 23ta bug‘u pitomnik (parvarishxona)da saqlanmoqda. Jahon Yovvoyi tabiatni muhofaza qilish fondi (WWF) missiyasi  hududda  buxoro bug‘usi populyatsiyasi soni ortganini juda ajoyib deb, qilingan ishlarga e’tibor qildi. Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasidagi Quyi Amudaryo biosfera rezervati buxoro bug‘usining dunyodagi eng katta populyatsiyasini saqlovchi hudud hisoblanadi.

Copyright: Tursunov Shukhrat

Copyright: Ernest Kurtveliev